Xitoy politsiyasi bolalar savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy tashkilotga qarshi yirik operatsiyani o‘tkazdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari 78 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olib, 15 nafar bolani qutqardi. Bu haqda China Daily gazetasi ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar beradi.
Operatsiya bir vaqtning o‘zida Sichuan provinsiyasining (Xitoyning janubi-g‘arbi) Lyanshan-Iysk muxtor okrugi va Shandun provinsiyasida (Xitoyning sharqi) o‘tkazildi. Politsiyachilarning so‘zlariga qaraganda, jinoyatchilar Sichuanning nochor tumanlaridan bolalarni sotib olib, ularni iqtisodiy rivojlangan Shandunda, asosan Lini shahrida sotgan. Qonunbuzarlar qiz bolalarni 30 ming yuan (4,5 ming dollar atrofida), o‘g‘il bolalarni esa 60 ming yuanga (9 ming dollar atrofida) baholagan.
Politsiya jinoiy tashkilotga aloqador kishilardan tashqari, qo‘lida emizikli bolasi bor va homilador ayollarni ham qo‘lga olgan. Ular o‘z bolalarini sotishni rejalashtirganligi ma’lum qilinmoqda.
Barcha qutqarilgan bolalar ijtimoiy vasiylik bo‘yicha mahalliy organlarga topshirildi. Huquq himoyachilari ularning biologik ota-onasini qidirmoqda.
Izoh (0)