O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismlarida konstitutsiyaviy burchini o‘tayotgan va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishga imtiyozli yo‘llanma beruvchi harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lish istagini bildirgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun davlat test sinovlari boshlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar beradi.
Muddatli harbiy xizmatga test sinovlari asosida jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk yigitlarni saralab olish joriy etildi. O‘zbekiston Prezidentining 2012-yil 31-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Termiz garnizonining harbiy qismlaridan birida tashkil etilgan davlat test sinovi ham ochiq, oshkora va adolat tamoyillari asosida o‘tkazildi.
“Oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish istagini bildirgan askarlar jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, harbiy intizom bo‘yicha hamda test savollariga javob berishi belgilangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakili Husan Elmurodov. – Buning uchun harbiy qismda maxsus auditoriyalar tayyorlanib, Termiz davlat universiteti va umumta’lim maktablaridan tajribali nazoratchi hamda kuzatuvchilar jalb etildi”.
Viloyatdagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatchilarning bilimlarini baholab beruvchi davlat test sinovlari davom etmoqda.
Izoh (0)