O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni qo‘riqlash davlat qo‘mitasida 11-yanvar kuni Qo‘riqxona va milliy bog‘lar kuni munosabati bilan “O‘zbekiston: muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tabiatni qo‘riqlash davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Bugungi kunda ushbu ekobayram butun dunyo bo‘yicha ahamiyatga ega ekologik sana maqomiga kiritilmagan, tabiiy hududlarni qo‘riqlashning ekotizimni saqlashdagi ahamiyatini ta’kidlashni istovchi mamlakatlar tashabbusi bilan nishonlanadi.
Tadbirni ochib bergan Tabiatni qo‘riqlash davlat qo‘mitasi rais o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi O.Egamberdiyev uchrashuvga tashrif buyurgan mehmonlarni muhim ekologik sana bilan tabrikladi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi hayvonot va o‘simlik dunyosining ko‘plab turlari, shu jumladan, yo‘qolib borayotgan turlarini saqlash va qayta tiklashda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
O‘zbekistonning Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimiga 8 ta davlat qo‘riqxonasi, Quyi-Amudaryo biosfera rezervati, 2 ta milliy tabiat bog‘i, 9 ta buyurtmaxona va jonivorlarning noyob turlarini ko‘paytirish bo‘yicha respublika “Jayron” ekomarkazi kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Tabiatni qo‘riqlash davlat qo‘mitasi biologik nazorati qo‘riqxonalar inspeksiyalari bilan hamkorlikda qo‘riqxonalar hududida qonunbuzilishlarning oldini olish yuzasidan muntazam ravishda reydlar amalga oshirilib kelinayotganligi ma’lum qilindi. Ushbu reydlar davomida 2015-yilda 5925 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanilgan.
Uchrashuv ishtirokchilari muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqaruv sohasidagi tashkiliy mexanizmlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
Izoh (0)