AQShning Layma shahri (Ogayo shtati) politsiyasiga qidiruvda bo‘lgan erkak uchastkada olingan surati o‘rniga selfisini yubordi. Bu haqda Meduza xabar beradi.
45 yoshli Donald “Chip” Pyu suratni politsiyaga “avvalgi dahshatlisiga qaraganda, bu surat yaxshiroq” degan so‘zlar bilan yuborgan.
“Bu suratni janob Pyuning o‘zi yuborgan. Biz uning bu yordamidan minnatdormiz. Biroq u o‘ziga nisbatan e’lon qilinayotgan ayblovlar masalasida gaplashib olish uchun uchastkaga kelsa, yanada ko‘proq minnatdor bo‘lardik”, — deyiladi politsiyaning Facebook’dagi sahifasida.
Pyuning urinishlariga qaramasdan, politsiya nafaqat uning selfisi, balki boshqa ikki surati, jumladan, u norozi bo‘lgan suratni ham chop etdi. Ushbu suratda erkak kulib tushgan.
Jinoyatchi sudga kelmaslikda ayblanmoqda. Shuningdek, Pyu yana bir nechta jinoyatlar, jumladan, o‘t qo‘yish va vandalizm bo‘yicha ayblanmoqda.
Pyuning ma’lum qilishicha, surat tufayli u o‘z shahrining qahramoniga aylangan. “Men buni axmoq do‘stlarim uchun qildim”, — dedi jinoyatchi 104.9 The Eagle radiostansiyasiga bergan intervyusida.
Izoh (0)