O‘nlab ko‘ngillilar va insonparvarlik tashkilotlarining xodimlari har yili minglab qochoqlarni qabul qiladigan Lesbos orolidagi tepalikda ulkan Tinchlik belgisini tayyorlash maqsadida 1-yanvar kuni birlashdi, deya xabar bermoqda TJournal.
Belgi sohil bo‘yidagi Molivos qishlog‘i yaqinida noqonuniy muhojirlar tomonidan tashlab ketilgan uch mingdan ortiq olovrang qutqaruv nimchalari yordamida tayyorlandi.
Greenpeace bilan birga installyatsiyani tayyorlashda qatnashgan “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti vakilining so‘zlariga ko‘ra, tayyorlangan belgi Yevropaga yetish yo‘lida halok bo‘lganlarni xotirlaydi, shuningdek, noqonuniy muhojirlarni qochishga majbur qilgan xavflar va ular qo‘l urgan tavakkalchilikdan xotira sifatida xizmat qiladi.
So‘nggi 12 oy davomida O‘rtayer dengizi orqali Yevropaga bir milliondan ortiq muhojir kirib keldi, kamida 3,7 ming kishi dengizni suzib o‘tishga urinish vaqtida halok bo‘lgan.
Ko‘ngillilar tomonidan olingan suratlarda Molivosdagi chiqindixona ham ko‘rinadi — bu yerda qochoqlar tomonidan tashlab yuborilgan qutqaruv nimchalari va boshqa buyumlarning uyumlarini ko‘rish mumkin.
Izoh (0)