2015-yil 29-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Germaniya Federativ Respublikasining Muvaqqat ishlar vakili Melani Moltmann bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida 2014-yil 14-oktabrda Berlin shahrida imzolangan O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida daromad va mol-mulk soliqlari yuzasidan ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida 1999-yil 7-sentabrdagi Bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnomani ratifikatsiya qilish yorliqlari almashildi.
Ta’kidlanishicha, Bayonnoma 2015-yil 29-dekabrdan boshlab kuchga kiradi.
Hujjatga binoan, Bitimga soliq siyosati bo‘yicha xalqaro standartlarga mos keladigan axborot almashish mexanizmini kengaytirishga qaratilgan yangi qismlarni kiritish ko‘zda tutilib, ular ikki davlat kompaniyalari va tadbirkorlari o‘rtasida o‘zaro investitsiyani jalb qilish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga imkon yaratadi.
Bundan tashqari, mazkur xalqaro kelishuv soliqqa oid qonunbuzarliklarga qarshi kurashishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga hamda O‘zbekiston va Germaniya soliq qonunchiligiga amal qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)