Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Kabarda-Balkariya respublikasida huquqni himoya qilish organi xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatgan uch nafar jangari yo‘q qilindi. Bu haqda Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi ma’lumotlar markaziga tayanib, “RBK” xabar beradi.
Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasining ma’lum qilishicha, tonggi 06:20 ga yaqin Rossiya Federal xavfsizlik xizmati va IIV bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir davomida Lechinkay aholi punkti yaqinidagi yo‘lda huquqni muhofaza qilish organi xodimlari “VAZ-21099” shubhali avtomobilni to‘xtatishga uringan. Uni ko‘zdan kechirmoqchi bo‘lishganda, mashinadagi odamlar huquq-tartibot xodimlariga qarata o‘t ochgan. Qurolli to‘qnashuv natijasida jangarilar yo‘q qilingan.
O‘ldirilganlardan biri jinoiy to‘da yetakchisi Toxov Nazir bo‘lib, u 1989-yilda tug‘ilgan. Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi operativ shtabi ma’lumotiga ko‘ra, u joriy yilning mart oyida Suriyadan qaytgan. Suriyada u jangarilarni tayyorlash lagerida tayyorgarlikdan o‘tgan va harbiy harakatlarda bevosita qatnashgan.
Barcha jangarilar Kabarda-Balkariya fuqarolari bo‘lganligi ma’lum qilindi.
Izoh (0)