Chukotka gubernatori Roman Kopin prokuratura, Federal xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Tergov qo‘mitasiga murojaat qilib, Vrangel orolida oq ayiqning shafqatsizlarcha o‘ldirilganligi holatini professional darajada tergov qilishini so‘radi. Bu haqda “Interfaks” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Arktika hududidagi Rossiyaga tegishli bo‘lgan Vrangel orolidagi qurilish korxonasining xodimi oq ona ayiqqa qarata portlovchi paketni otib yuborgan va ayiq paketni og‘zi bilan tutib olgan. Shundan keyin sodir bo‘lgan portlash oqibatida hayvon qattiq azoblanib halok bo‘ldi. Ushbu holat videoga olinib, internetga joylangandi.
23-dekabrda Rossiyaning Tabiiy resurslar va ekologiya vaziri Sergey Donskoy Bosh prokuraturaga murojaat qilib, hayvonning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi bo‘yicha surishtiruv-tergov harakatlarini olib borishni va aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qildi.
Oq ayiq Rossiya Federatsiyasining “Qizil kitobi”ga kiritilgan va xalqaro shartnomalar bilan himoyalangan. Dunyo bo‘ylab, bor-yo‘g‘i 25 mingga yaqin oq ayiq qolgan.