Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasini tahlil qilib, javob choralarini ishlab chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar beradi.
Peskov, shuningdek, AQSh sanksiyalar ro‘yxatining kengaytirilishi Rossiyaga nisbatan mantiqqa zid va do‘stona bo‘lmagan munosabatning davomi ekanligini aytib o‘tdi.
“Tabiiyki, bu masalada sog‘lom fikr, o‘zaro aloqaga bo‘lgan talab va hamkorlikni kuchaytirish o‘rniga Vashingtonning zamon talablariga keskin qarama-qarshi bo‘lgan bu kabi yo‘nalishni tanlashi yuzasidan faqat pushaymon izhor qilish mumkin”, — dedi Peskov.
Matbuot kotibi javob choralari qabul qilinadigan muddatga aniqlik kiritmadi.
Eslatib o‘tamiz, AQShning Rossiyadagi elchixonasi matbuot kotibi Uilyam Stivens Vashington Rossiya yuridik va jismoniy shaxslarining sanksiyaviy ro‘yxatini kengaytirmaganligi, faqat avvalgisiga aniqlik kiritganligini ma’lum qildi.
Izoh (0)