“Olam go‘zali” tanlovi sabab bo‘lib, kolumbiyalik advokatlar mamlakat aholisi nomidan sudga arz qilmoqchi. Bu haqda Radio Santa Fe bergan ma’lumotlar asosida “Gazeta.ru” xabar qilmoqda.
Da’vo arizasini De la Espriella Lawyers Enterprise yuridik korxonasi tayyorlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, “Olam go‘zali” boshlovchisi Stiv Xarvi qilgan xatosi tufayli o‘zini juda yomon his etmoqda. U g‘oliba bo‘lgan filippinlik go‘zal Piya Alonso Vurtsbaxning o‘rniga kolumbiyalik Ariadna Gutyerresning nomini e’lon qilib yubordi. Shuningdek, Gutyerresning hayajonli videolavhasi ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib ketganligi xabar qilinmoqda.
De la Espriella Lawyers Enterprise korxonasining Twitter’dagi sahifasida toj qo‘lga kiritilgan huquq bo‘lib, bunday huquq tortib olinishi mumkin emas, deya bayon qilingan.
Bundan tashqari ta’kidlanishicha, yetkazilgan zarar nafaqat “moddiy”, balki “ma’naviy” xarakterga ham ega bo‘lib, Kolumbiyaning 40 million aholisiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya Prezidenti Xuan Manuel Sanches “Olam go‘zali” tanlovida g‘oliba bo‘la olmagan yurtdoshi Ariadna Gutyerresni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Izoh (0)