“Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati a’zolari “Fuqarolarning uy hayvonlariga egalik qilishi bo‘yicha huquqiy madaniyati va javobgarligini oshirish” mavzusida uchrashuv tashkil etdi. Bu haqda jamiyatning Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilindi.
Jamiyat a’zolari 2015-yilning 18-dekabr kuni Nodavlat-notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasida Oliy Majlis deputatlari hamda vazirliklar va boshqarmalar vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida hayvonlarni himoya qilishga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, aholi orasida huquqiy madaniyatni oshirish, uy hayvonlari egalarining javobgarligi, Jamiyatning ma’rifiy faoliyati kabi muhim mavzular muhokama etildi.
Tadbir so‘ngida uchrashuv qatnashchilari o‘rtasida fikrlar almashinuvi va ochiq muloqot bo‘lib o‘tib, unda “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyatini tashvishga soluvchi savollar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Toshkent shahar va viloyati maktab o‘quvchilari qatnashgan “Hayvonlarni himoya qilish – mening burchim” mavzusidagi tanlov ishtirokchilari bo‘lgan yosh rassomlarga ovoz berildi.
G‘oliblarga tez kunda mukofotlar topshiriladi.
Izoh (0)