2015-yilning 21-dekabr kuni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Muzokaralar chog‘ida “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” shaklidagi munosabatlarning holati va istiqbollari, oliy va yuqori darajalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni hamda turli sohalardagi mintaqalararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, yakunlanayotgan yilda 1996-yilda imzolangan O‘zbekiston va YeI o‘rtasida sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga binoan tashkil qilingan deyarli barcha qo‘shma institutlarning majlislari bo‘lib o‘tdi. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni har tomonlama rivojlantirish ikki tomon uchun ham zarur ekanligidan dalolat beradi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning ayrim mavzulari yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)