“Yulduzlar jangi: Kuchning uyg‘onishi” kinofilmi kinoteatrlarda namoyish etila boshlangan (17-dekabr)dan beri topgan daromadi 250 million dollarga yetdi. Bu haqda Reuters bergan ma’lumotlarga asosan “RBK” xabar qilmoqda.
Disney kompaniyasi tahlilchilarining fikricha, 20-dekabr, yakshanbaga kelib, AQSh va Kanadada sotilgan chiptalar narxi 220 millionga yetib, “Yura davri olami” filmining 208,8 millionlik ilk dam olish kunlarida chipta sotish rekordini yangilash arafasida turibdi.
Bir qator tahlilchilar kinofilm tarixdagi eng kassabop filmga aylanishi mumkin, deb hisoblamoqda. 2009-yilda dunyo bo‘ylab 2,8 milliard dollar miqdorida daromad ko‘rgan “Avatar” filmi hozircha rekordchi bo‘lib turibdi.
Filmning ilk namoyishi 24-dekabr kuniga belgilangan Gretsiya va Hindistondan tashqari, “Yulduzlar jangi: Kuchning uyg‘onishi” barcha mamlakatlarning kinoteatrlarida namoyish etilmoqda. Shuningdek, film Xitoyda ham 2016-yil 9-yanvarda ilk namoyishga kechikib chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, “Yulduzlar jangi” filmining yettinchi epizodi namoyishi oldidan AQSh va Kanadada chipta sotishdan rekord darajada foyda ko‘rgan bo‘lsa-da, Disney kompaniyasining aksiyalari pasayib ketmoqda.
Izoh (0)