Rossiyaning Novosibirsk viloyati Verx-Tulinsk qishloq kengashi politsiyasining jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimi hibsga olingan shaxsga qo‘l ko‘tarib, mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanlikda ayblandi. Bu haqda hududiy tergov bo‘linmasi bergan ma’lumotlarga asosan “Gazeta.ru” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2015-yil 22-noyabr kuni 23 yoshli politsiyachi qo‘lga olingan erkakni xonaga olib kirib, uning qo‘llarini stulga kishan bilan bog‘lab, oyog‘i bilan erkakning ko‘krak qismiga tepgan. Buning oqibatida erkak yerga yiqilib, hushini yo‘qotgan. Mahbusni o‘ziga keltirish uchun, xodim uning ustidan sovuq suv quyib, hibsxonaga olib borgan va u yerda erkakni takroriy ravishda urib, uning bir nechta qovurg‘alarini sindirgan.
Qo‘lga olingan yordam so‘rasa-da, politsiyachilar uni ho‘l kiyim-boshi bilan sovuq ko‘chaga chiqarib yuborgan va bo‘lib o‘tgan hodisa to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma tuzmagan.
Jabrlanuvchi ayni vaqtda shifoxonada bo‘lib, unda bir nechta jarohat va pnevmoniya kasalligi aniqlangan.
Aybdor politsiyachini qo‘lga olish RF IIV alohida toifadagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tergovchilari va ichki xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshirildi. Ayblanuvchi qamoqqa olinib, tergov ishlari davom etmoqda.
Izoh (0)