AQSh Kuba bilan ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yishni kelishib oldi. Bu haqda AP agentligi bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Taraflar o‘rtasida yo‘lga qo‘yiladigan doimiy tijoriy aviareyslarni tiklash haqidagi kelishuv 16-dekabr, chorshanba kuni Vashington shahrida tuzildi. Kelishuv Kuba davlat aviakompaniyalari va Amerika aviakompaniyalari o‘rtasida muzokaralar boshlashga imkon beradi. Muzokaralar jarayoni bir necha oy davom etishi mumkin, shu sababli ilk samolyotlarning parvozi qachon boshlanishi hozircha noma’lum.
Bir necha Amerika aviakompaniyalari Florida shtatining janubidan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan, qo‘shni Karib orollari yo‘nalishidagi reyslarni tiklashga tayyor ekanligini ma’lum qilgan. Hozircha AQShdan Kubaga faqat charter reyslari yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib olish mumkin. Bu kabi reyslar noqulay hisoblanib, yo‘lovchilarga nisbatan qattiq cheklovlar, shu jumladan, shaxsiy yuk tashishdagi cheklov ham qo‘llaniladi.
Ta’kidlanishicha, o‘zaro siyosiy munosabatlarning tiklanishi oqibatida AQShdan Kubaga parvoz qilgan yo‘lovchilar soni 2015-yilda 50 foizga oshdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh va Kuba davlatlari joriy yilda diplomatik aloqalarni tiklashga kelishib oldi.
Izoh (0)