Yaponiyaga tegishli Aogasima oroli aslida vulqon, lekin odamlar unda yashashdan qo‘rqmaydi. Orolning uzunligi 3,5 kilometrga, kengligi esa 2,5 kilometrga teng bo‘lib, Filippin dengizida joylashgan, deb yozadi TravelAsk.
Orol kamida to‘rtta suvosti vulqonining otilishi natijasida yuzaga kelgan, shu sababli ham uning hududida vulqon magmalaridan hosil bo‘lgan ko‘plab qoyalarni ko‘rish mumkin.
Otonbu cho‘qqisi Aogasimaning eng yuqori nuqtasi bo‘lib, balandligi 423 metrga teng.
Orol iqlimi nam subtropik bo‘lib, iliq Kurosio oqimi orolni qo‘shimcha ravishda qizdirib turadi. Shu sababli ham bu yerda havo harorati Yaponiyaning asosiy hududidagiga nisbatan issiq.
O‘ziga xos subtropik iqlim sabab, orol xilma-xil o‘simliklar, yovvoyi qushlar va jonivorlar bilan to‘lib-toshgan.
Oroldagi aholi yashash joyi ham Aogasima deb ataladi va unda 170 kishi istiqomat qiladi. 2009-yili aholi soni biroz ko‘proq edi — 205 kishi.
Vulqon shundoq ham kam bo‘lgan orol aholisi sonini kamaytirishga hissa qo‘shadi, biroq odamlar Aogasimani tark etishga shoshilayotgani yo‘q: baliqchilik va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanmoqda, bundan tashqari, bu yerga tez-tez sayohatchilar va suvosti ovi ishqibozlari ham kelib turadi, bu esa mahalliy aholiga qo‘shimcha daromad qilish imkonini beradi.
Aholi soni kamligi sabab, orolda atigi bitta maktab faoliyat olib boradi, unda bolalar 14 yoshgacha ta’lim oladi.
Bu vulqon-orolda ilk odamlar qachon paydo bo‘lganini aniq aytish qiyin, ilk “mustamlakachilar” bundan bir necha asr oldin kelgani ma’lum, xolos.
Oroldagi vulqon oxirgi marta XVIII asr oxirida uyg‘ongan — vulqon shu qadar katta kuch bilan otilganki, aholining aksariyat qismini qutqarib qolish imkoni bo‘lmagan. Oradan yarim asr o‘tar-o‘tmas, odamlar yana bu yerga o‘rnasha boshlagan.
Izoh (0)