Lionel Messi: “Oltin to‘p”ga kim noloyiq? O‘ylashimcha, men (foto)
“Barselona” va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi shaxsiy hayoti, Ronaldu bilan munosabati, “Oltin to‘p”ga kim munosibligi, jarohatdan xalos bo‘lishi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda “Stadion.uz” hikoya qildi.
KUNDALIK HAYoTI
“Kundalik rejimim boshqa sportchilarniki bilan bir xil. Men ham boshqalar kabi mashg‘ulotlarni yakunlaganimdan keyin shaxsiy ishlarim bilan shug‘ullanaman. Keyin oddiy odamlar kabi oilam va do‘stlarim davrasida hordiq chiqaraman”.
FUTBOL VA OTALIK BURChI
“Futbolning mohiyati hech narsani o‘zgartirmaydi. To‘g‘ri, ba’zan futboldagi o‘zaro munosabatlar nimagadir majbur qilishi, meni chalg‘itishi mumkin, ammo har qanday ota kabi farzand tarbiyasi degan mas’uliyatga to‘qnash kelganman va buni uddalay olganman, deb o‘ylayman. Axir otalik burchidan qochib bo‘lmaydi-ku?”
MAG‘LUBIYaT
“Men mag‘lubiyatni juda yomon ko‘raman. Ammo hamma ham yutqazadi. Shunday vaziyatlarda uyga kelib, o‘g‘limni ko‘rganimda tushunamanki, doim meni ko‘tarinki kayfiyatda yurishga va olg‘a intilishga majbur qiladigan inson bor”.
SO‘NGGI JAROHATI
“To‘g‘ri, biroz tushkunlikka tushdim, chunki bu boshqa holatlardan farq qilardi. Bu taqdirning oddiy bir zarbasi ekanligini bilardim va tuzalishga harakat qildim. Umuman, inson boshiga tashvish tushganida shunday o‘ylashi kerak: bu jiddiy emas, osongina bitadigan jarohat, xolos”.
NAVBATDAGI “OLTIN TO‘P”
“Oltin to‘p” kimga nasib etadi? Bu siz yoki menga bog‘liq emas. O‘zaro hisob-kitob qiladigan va yakunda bir qarorga keladiganlar bor. Ularning qarori yakuniy xulosa bo‘ladi. Mazkur sovringa kim noloyiq? O‘ylashimcha, men”.
AZALIY RAQOBAT
“Ronaldu bilan dushmanmizmi? Yo‘q. Tiago Krishtianuning o‘yinlarini sevib tomosha qiladi. Chunki u kelajakda tajribali futbolchi bo‘lmoqchi. Aytmoqchimanki, o‘g‘lim otasining nimalarga qodir ekanligini bilishga qiynalmaydi. Chunki u mening o‘g‘lim. Ronalduning imkoniyatlarini bilishi uchun esa uning o‘yinlarini ko‘rishi kerak. Men bunga qarshi emasman. Men Ronaldu yoki Ronaldu men haqimda yomon gapirmaganmiz. Hammasi jurnalistlarning uydirmasi”.
“ODDIY HUJUMChIMAN”
“Jamoam bilan faxrlanaman. Bizda ahillik bor. Ishonmasangiz, so‘rab ko‘ring, hech kim birov haqida yomon gapirmaydi. Bizda alohida ajralib turadigan futbolchi yo‘q, hammaning o‘z o‘rni bor. Men tanho emasman. Agar hamma aytganidek jamoamning eng muhim o‘yinchisi bo‘lganimda Pike yoki Bravoning o‘rnida ham harakat qila olgan bo‘lardim. Ammo bunday qilolmayman, chunki men shunchaki hujumchiman, xolos”.
SO‘NGGI SOVRINI
“La ligada yilning eng yaxshi hujumchisi sifatida tan olindim. Albatta, xursandman. Buning uchun, avvalo, jamoadoshlarimga rahmat aytaman. Chunki ularsiz birorta ham gol urolmayman”.
ENG QUVONChLI LAHZA
“Shifokorim menga qo‘ng‘iroq qilib, maydonga tushishim mumkinligini aytganida quvonib ketdim. O‘zimga qolsa, allaqachon maydonga tushgan bo‘lardim, lekin shifokorim buni taqiqlab kelardi. Shundanmi, xushxabarni eshitganimda mendan baxtliroq odam yo‘qdek edi”.