Wired nashri fransiyalik fotosuratchi Romen Shampalyunning Samsung Galaxy (“Samsung galaktikasi”) deb nomlangan ishiga e’tibor qaratdi. “Vc.ru”ning yozishicha, fotosuratchi o‘z ijodiy ishlari orqali Janubiy Koreya poytaxti — Seul shahridagi hayot haqida hikoya qiladi.
Uning suratlari Samsung korporatsiyasi shahar hayotining barcha sohalariga — ishdan tortib, ko‘ngilxushlikkacha hammasiga kirib borgani, hammasini qamrab olganini ko‘rsatib beradi.
Samsung — Koreyaning eng yirik konglomeratlaridan biri. Kompaniyaga 1938-yili asos solingan va u o‘z faoliyatini baliq, un va shakar kabi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi sifatida boshlagan.
2013-yili Romen Shampalyun butun dunyoda foydalanilayotgan smartfonlar aslida qanday ishlab chiqarilishiga qiziqib qolgan. Uning so‘zlarga ko‘ra, u bir necha qiziqarli maqolalarni topgan, biroq ularning hech biri kompaniya shahar va mamlakat hayotiga qanchalik ta’sir qilayotgani haqida to‘liq tasavvur bera olmasdi. Shundan so‘ng fotosuratchi mazkur masalani mustaqil ravishda tadqiq etishga qaror qildi va Koreyaga chipta sotib oldi.
Shampalyunning aniqlashicha, Samsung shahar hayotining deyarli barcha sohalariga kirib borgan. Seul yaqinidagi va chekkasidagi bir necha turar-joy tumanlarini to‘liq korporatsiya qurgan — ularda Samsung ishchilar yashaydi. Katta tibbiy markaz, bir necha sport stadionlari, novvoyxonalar ham unga tegishli. Samsung logotipi bo‘lmagan ko‘plab boshqa inshootlar ham kompaniyaniki. “Ba’zan koreyaliklarning o‘zi ham ularning hayotida konglomeratning o‘rni qanchalik darajada katta ekanligini tushunib yetmaydi”, — deb yozadi Samsung Galaxy loyihasi muallifi.
Samsung mahalliy universitetlardan birining ulushiga egalik qiladi — uning aksariyat bitiruvchilari keyinchalik korporatsiyaga ishga kiradi. Kompaniya xodimlariga to‘yni Samsung ofisida o‘tkazish huquqi taqdim etiladi.