Yaponiya Mudofaa vaziri Gen Nakatani Koreya Xalq Demokratik Respublikasi vodorod bombasiga ega ekanligi haqidagi xabarlarni jiddiy e’tiborga olish lozimligini ta’kidladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar qilmoqda.
“Biz ma’lumot yig‘ish va ularni tahlil qilish bilan jiddiy shug‘ullanyapmiz. Mavzuning jiddiy ekanligini hisobga olib, yanada aniqroq ma’lumot bera olmayman”, ― deya ta’kidladi mudofaa vaziri.
Nakatanining ma’lum qilishicha, KXDRdagi Yonbene yadroviy markazining ishi uranni boyitish va yadroviy qurolni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan plutoniyni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq bo‘lib, yadroviy sinovlarni o‘tkazish yo‘li bilan KXDR yadroviy qurolni ixchamlashtirishga, jangovar kallaklar texnologiyasini rivojlantirishga harakat qilmoqda.
“Bu yo‘nalishdagi ishlar mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan xavotir uyg‘otmoqda”, ― dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 10-dekabr, payshanba kuni KXDR rahbari Kim Chen In “Biz vatanimiz mustaqilligini va milliy qadr-qimmatimizni yadro va vodorod bombalari kuchi bilan himoya qilishga qodir buyuk yadroviy davlat bo‘lishga erishdik”, — degan edi.