Kembrij malikasi Ketrin ilk marta malika Diananing mashhur tojini taqdi. Bu haqda Daily Express bergan ma’lumotlarga asosan “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Shahzoda Uilyamning turmush o‘rtog‘i shu bezak bilan Bukingem saroyida bo‘lib o‘tgan diplomatik qabulda qatnashdi. Tadbirda Yelizaveta II va boshqa Britaniya qirol oilasi vakillari ishtirok etdi. Kechada ishtirok etgan jami mehmonlar soni 1 ming 500 ga yetdi.
1913-yilda chiqarilgan va “Sevgi rishtalari” deya nomlangan Kembrij tojini Yelizaveta II buvisi qirolicha Mariyadan meros qilib olgan. 1981-yilda Yelizaveta II ushbu bezakni malika Dianaga shahzoda Charlz bilan nikohlashganda to‘y sovg‘asi sifatida bergan edi.
O‘z navbatida, “Sevgi rishtalari”ni Diana 1981-yil noyabr oyida parlamentning ochilish marosimida taqdi. Keyinchalik malika Britaniya va xorijda bo‘lib o‘tgan turli tadbirlarda aynan shu tojni taqqan holda ishtirok etdi. Bu uning eng mashhur bezaklaridan biri edi. Diana shahzoda Charlz bilan ajrashgandan keyin, 1996-yilda tojni qirolichaga qaytarib berdi.
Izoh (0)