Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 23-noyabr kuni O‘zbekiston va Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
O‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan mazkur tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, neft-gaz, geologiya va mineral resurslar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, oziq-ovqat va kimyo sanoati, farmatsevtika, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, axborot texnologiyalari, elektrotexnika, kommunal xizmat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari Shavkat To‘laganov, Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri o‘rinbosari U Te Xi, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Li Uk Xon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yilning may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqdi.
O‘zbekistonda Koreya Respublikasining 72 yetakchi firma va kompaniyasi vakolatxonasi, ushbu mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida tuzilgan 439 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular neft-gaz, neft-kimyo, tog‘-kon metallurgiyasi, mashinasozlik, savdo, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, sog‘liqni saqlash, elektr texnikasi kabi qator sohalarda ish yuritadi. 2014-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSh dollarini, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 1,2 milliard dollarni tashkil etdi.
Biznes-forumda mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, neft-kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika kabi sohalardagi imkoniyatlari xususida so‘z yuritildi. Koreya Respublikasi ishbilarmonlari mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kafolatlari, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi katta qulaylik va imtiyozlar bilan atroflicha tanishtirildi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan fikrlashib oldi.
Izoh (0)