Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 4-noyabr kuni O‘zbekiston – Germaniya va Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlarining navbatdagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, mashinasozlik, neft-gaz, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, yuqori texnologiyalar, yengil sanoat, to‘qimachilik, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, bojxona, sug‘urta va eksport-import kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
Majlisda Germaniya ishbilarmonlariga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, investitsiya jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlari, xususiy mulk himoyasi va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kafolatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Mehmonlar “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar, mashinasozlik, yengil sanoat, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi kabi sohalardagi imkoniyatlar bilan tanishdi.
Anjumanda Germaniyaning qator yirik kompaniyalarining vakillari ishtirok etgani ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolatdir. Germaniyaning Claas, Deutsche Kabel, Knauf, MAN, Lemken, Siemens, Commerzbank kabi kompaniyalari va moliyaviy muassasalari vakillari O‘zbekiston bozoridagi o‘z faoliyatini yanada kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.
Majlisda O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish va mustahkamlash, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.
Izoh (0)