Qayta saylangan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning lavozimini egallash marosimi 6-noyabr, juma kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Ilk bor mazkur marosim Mustaqillik saroyida bo‘lib o‘tadi. Tantanali marosimlar zalida Aleksandr Lukashenko Belarus prezidenti qasamyodini keltiradi va tegishli hujjatni imzolaydi. Lukashenkoga prezidentlik guvohnomasi mingdan ziyod mehmonlar ishtirokida topshiriladi. Ular orasida yuqori martabali shaxslar, turli darajadagi rahbarlar, diplomatik korpus vakillari, xorijlik mehmonlar bo‘lishi kutilmoqda”, — deya ta’kidlaydi matbuot xizmati.
Shundan so‘ng tantanalar Davlat bayrog‘i maydoniga ko‘chadi: bu yerda harbiy xizmatchilar Belarus xalqi va prezidentiga sadoqat bilan xizmat etishga qasamyod qiladi, faxriy qarovul rotasi ko‘rigi o‘tkaziladi. Respublika saroyida esa bayram konserti bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Aleksandr Lukashenko 11-oktabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda 83,5 % ovoz to‘plab, g‘olib chiqdi. 61 yoshli Lukashenko Belarus prezidenti lavozimini beshinchi bor egallamoqda.
Izoh (0)