Londonning “Chelsi” futbol klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan futbol bo‘yicha Angliya Premer-ligasining bitta uchrashuvidan diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, Tartib-intizom qo‘mitasi Mourinyoning “Vest Xem”ga qarshi APL 10-tur uchrashuvidagi harakatlarini o‘rganib chiqib, shunday qarorga kelgan.
Shu tariqa, Mourinyo 12-turda “Stok Siti” bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yinni muxlislar orasida tomosha qiladi. Bundan tashqari, portugaliyalik mutaxassis 40 ming funt-sterling miqdorida jarima ham to‘laydi.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyo “Vest Xem”ga qarshi o‘yinning tanaffusi chog‘ida hakamlar xonasiga bostirib kirishga uringani uchun maydondan chetlatilgan edi. O‘sha o‘yinda “Chelsi” mag‘lubiyatga uchragan.