Har 8—9 soatda jahon okeanlarida yakkaxol qotil-to‘lqin ko‘tariladi. Uning balandligi oddiy to‘lqinlardan ikki—uch baravar kattadir. Sunamilardan farqli o‘laroq ularning paydo bo‘lish manbai yo‘q. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti mukofotining fan va innovatsiya yo‘nalishidagi 2014-yilgi laureati Irina Didenkulovaning Sevastopoldagi Yosh olimlar birinchi xalqaro forumida qilgan ma’ruzasiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Agar biz oddiy holatda baholasak, shunday raqamlar kelib chiqadi: har uch mingta to‘lqindan bittasi qotil-to‘lqin hisoblanadi va u har 8—9 soatda sodir bo‘lishi kerak. Bu xomaki hisob-kitob. Buni diqqat bilan o‘rganishni boshlaganimizdan so‘ng, qotil-to‘lqin statistikada keltirilganidan ham ko‘p holatlarda uchrashi ma’lum bo‘ldi”, — dedi Didenkulova.
Dengiz halokatlarini o‘rganish shu narsani ko‘rsatdiki, 1968-yildan 1994-yilgacha qotil-to‘lqinlar oqibatida 22 dona supertanker halokatga uchragan. Yaqin yillarda sodir bo‘lgan eng katta falokat 2010-yilda Marseldan uzoqda bo‘lmagan joydagi “Lyuis Majestik” layneri hisoblanadi.
Izoh (0)