Moskvada politsiyachi sakkizinchi qavatdan qulab tushishiga ozgina qolgan bolani qutqarib qoldi. Bolaning onasi onalik huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin, deb xabar beradi Interfax RF IIV poytaxt boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Andrey Galiakbarov ma’lumotiga tayanib.
“29-avgust, shanba kuni fuqarolar Ochakovsk katta yo‘lida joylashgan aholi turar-joyining sakkizinchi qavati derazasidan bolalar o‘yinchoqlari uloqtirilayotganligi haqida politsiyaga xabar qildi. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar xonadon derazasining tokchasida kichkina bolaning emaklab yurganini va derazadan osilib, ko‘chaga qarayotganligining guvohi bo‘ldi”, — deydi u.
Uning so‘zlariga qaraganda, yuqori qavatga ko‘tarilgan katta leytenant Yevgeniy Kurkin oxirgi daqiqada bolakayni oyog‘i va kiyimidan ushlab, qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Bu vaqtda uyda bo‘lgan bolaning onasi, Tojikiston fuqarosi bo‘lgan ayol va ikki yoshli bola politsiya bo‘limiga olib kelindi. Ayol onalik huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)