BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Ikkinchi jahon urushi yakunining va Osiyoda yapon imperializmi ustidan qozonilgan g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlab Pekinda o‘tkaziladigan paradda avval rejalashtirilganidek ishtirok etishini tasdiqladi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Men Pekinga Ikkinchi jahon urushi tugashining, shuningdek, BMT tashkil etilishining 70 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalarda ishtirok etish uchun tashrif buyuraman”, — dedi Pan Gi Mun. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning Ikkinchi jahon urushidagi hissasi va qurbonlari jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan.
BMT matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bosh kotib 2—6-sentabr kunlari bo‘ladigan tashrifi davomida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Pan Gi Munning Pekindagi paradga borish maqsadi Yaponiya tomonidan tanqidga uchragan. Tokioning fikricha, bu tashkilotning neytralligini so‘roq ostida qoldiradi.
Izoh (0)