Namangan shahrining Konstitutsiya xiyobonida yangi barpo etilgan musiqali favvora foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Qayd etilishicha, Namanganda bugungi kunda shaharsozlik andozalariga mos ravishda barpo etilgan 60 ga yaqin bir-biridan ko‘rkam va go‘zal favvora ishlab turibdi.
O‘zbekiston mustaqilligining 24-yilligi oldidan Konstitutsiya xiyobonida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari doirasida yangi qurilgan musiqali va kamalakrang zamonaviy favvora shaharsozlikning go‘zal namunasi sifatida namanganliklarga bayram tuhfasi bo‘ldi.
“Sfera dizayn qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari xorijdan keltirilgan ilg‘or texnologiyalar asosida barpo etgan musiqali favvoraning diametri 18 metr. Undan 20 metr balandlikka otilib turadigan suv musiqa ohanglari va rang-barang chiroqlar shu’lasiga uyg‘unlashib, kamalak misol betakror manzara hosil qiladi.
Poytaxtdan kelgan estrada xonandalari va viloyat san’atkorlari ijrosidagi konsert tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Izoh (0)