Sud maslahatchilari bir qarorga kela olmaganliklari sabab, 2012-yil 20-iyul kuni kinoteatrdagi tomoshabinlarga qarata o‘t ochgan amerikalik Jeyms Xolms o‘lim jazosidan qutulib qoldi va muddatidan avval ozod bo‘lish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Xolms Kolorado shtati Avrora shahridagi kinoteatrda “Betmen” haqidagi film namoyishi vaqtida 12 kishini o‘ldirgan, 70 dan ortiq odamga tan jarohati yetkazgan edi.
Ayblanuvchining advokatlari Xolms hujum vaqtida ruhiy jihatdan kasal bo‘lganini ta’kidladi, prokurorlar esa, sudlanuvchining kasal ekanligini tan olgani holda, u o‘z qilmishi uchun javob bera olishini qayd etdi. Sud maslahatchilari ham shu nuqtai nazarga qo‘shildi.
Iyul oyida Xolms ayblovning 165 bandi bo‘yicha, xususan, qotillik, qotillikka urinish va portlovchi qurilmadan noqonuniy tarzda foydalanish bo‘yicha aybdor deb topilgandi.