Amerikalik tadqiqotchi Uin Maklaflin Qirg‘izistonning Norin viloyati Qo‘chqor tumani hududida 6 million yil oldin yashagan jonivorlarning toshqotmalari topilganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Qirg‘iziston seysmologiya instituti direktori, geologiya-mineralogiya fanlari doktori Qanatbek Abdraxmatovning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘chqor tumani hududidan karkidonlar va qushlarning qoldiqlari oldin ham topilgan, jirafa va sichqonlarning suyaklari esa birinchi marta aniqlanmoqda. Toshqotmalar 6 million yil oldin yashagan jirafalar hozirgidan ikki baravar kichik bo‘lganidan dalolat berayotgani aytilgan. Shuningdek, topilmalar tog‘lar paydo bo‘lishiga olib kelgan zilzilalar haqida ham qimmatli ma’lumot berishi qayd etilgan.
Maklaflinning ta’kidlashicha, qoldiqlar to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish uchun AQShga jo‘natiladi, keyin esa Qirg‘izistonga qaytariladi. Tadqiqot jarayonida jonivorlarning to‘laqonli tashqi ko‘rinishi ham qayta tiklanadi. Keyingi yildan boshlab xohlovchilar Bishkekdagi Qirg‘iziston davlat tarix muzeyida jonivorlarning qoldiqlari va ularning tiklangan qiyofalarini ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)