Biologlar bahaybat anakonda va bo‘g‘ma ilonlarning qurbonlari havo yetishmasligidan emas, balki sudralib yuruvchilarning qattiq quchishi oqibatida qon aylanishining buzilishi natijasida halok bo‘lishini aniqladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar beradi.
“Bo‘g‘ma ilonning qurboniga aylangan hayvonni kuzatsangiz, u besaranjomlik bilan nafas olishga urinayotgandek ko‘rinadi. Biroq hamkasbim Devid Xardi 1994-yildayoq hayvonlarning juda tez o‘layotganligini payqagan. Uning taxminicha, ular o‘limining sababi bo‘g‘ilish bilan emas, balki qon aylanishining to‘xtashi yoki yurak xuruji bilan bog‘liq bo‘lgan”,— deydi Skott Bobek (Dikinson kolleji, AQSh).
Bobek va uning hamkasblari kalamushlarda o‘tkazgan tajriba Xardining taxminini tasdiqladi. Bo‘g‘ma ilon quchog‘iga tushgan kalamushning bir necha daqiqadan so‘ng miya, o‘pka va jigari kabi asosiy organlariga qon yetib borishi butunlay to‘xtagan. Buning oqibatida yurak faoliyatida uzilishlar qayd etilib, kalamush o‘la boshlagan.
Bo‘g‘ma ilonlarning ushbu bo‘g‘ish texnikasi uning qurbonlarini tezroq o‘lishiga olib keladi. Shuningdek ularga o‘zidan ham kattaroq hayvonlarni tutish imkonini beradi.
Izoh (0)