AQShning Klout kompaniyasi ekspertlari turli ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan 25 milliondan ortiq xabar va ularga bildirilgan 100 milliondan ortiq munosabatni tahlil qilib, postni chop etish uchun eng qulay vaqtni aniqladi, deb xabar bermoqda “Nur.kz”.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, post chop etish uchun eng qulay vaqt yashash joyiga qarab farq qiladi. Jumladan, Nyu-Yorkda tushdan biroz oldin, San-Fransiskoda soat 9 va 10 oralig‘ida, Londonda tushdan biroz keyin, Parijda ertalab va tushdan keyin yozish ma’qul. Tokioda soat 7 va 9 oralig‘i eng qulay vaqt bo‘lsa-da, kunning qolgan paytlarida ham faollik kamaymaydi.
Shuningdek, xabar chop etiladigan kun ham ahamiyatga ega. Masalan, AQSh va Buyuk Britaniyada seshanba va chorshanba kunlari yozish samarali bo‘ladi, payshanba va juma kunlari esa faollik pasayib ketadi. Dushanba kunlari odamlar ishga moslashib, ularning ijtimoiy tarmoqlarga bo‘lgan qiziqishi qayta boshlaydi.