Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali O‘zbekistonga bo‘ladigan rasmiy tashrifi borasidagi fikrlarini bildirdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
“6-iyul kuni men Markaziy Osiyoning besh mamlakati hamda BRIKS va ShHT sammitlarida ishtirok etish uchun Rossiyaga qiladigan tashriflarimni boshlayman.
Tashrifim Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega mamlakati – O‘zbekistondan boshlanadi. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin strategik sherikchilik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonda men Prezident Karimov bilan muzokaralar o‘tkazaman va biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim bitimlarni imzolaymiz. Biz O‘zbekiston bilan iqtisodiy munosabatlarimizni kengaytirishni va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni istaymiz.
Prezident Karimov Hindistonga besh marta, jumladan to‘rt marta Prezident sifatida, so‘nggi marta 2011-yilda tashrif buyurganini qo‘shimcha qilishim lozim.
Ma’lumki, hind filmlari, tili va musiqasi O‘zbekistonda juda mashhur. O‘zbek radiosi 2012-yilgacha 50 yil davomida hind tilida eshittirish uzatgan. Tashrifim davomida men hindshunoslar, hind tilini o‘rganuvchi talabalar va hind diasporasi a’zolari bilan uchrashaman. O‘zbekistonda 3000 dan ortiq hindlar yashaydi.
Toshkentda biz eng taniqli va hurmatli yetakchilarimizdan biri – Lal Bahodur Shastridan ayrilganmiz. Tashrifim davomida men Hindistonning ushbu mag‘rur o‘g‘loni xotirasini sharaflayman.
Aminmanki, ushbu tashrif hind−o‘zbek munosabatlarini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi”, − deb yozgan Modi.
Izoh (0)