2006, 2009 va 2013-yillardagi yadro sinovlari uchun BMT, Yevropa Ittifoqi va AQShning sanksiyalariga duchor bo‘lgan KXDR o‘zi uchun o‘ta muhim bo‘lgan valyuta tushumlarini olishini va mahsulotlarni eksport qilishni turli maxfiy sxemalar yordamida uddalamoqda, deb xabar berdi “RBK”.
Financial Times tadqiqoti natijalariga ko‘ra, Shimoliy Koreya xalqaro cheklovlardan qochish uchun turli noqonuniy yo‘llardan foydalanmoqda. Jumladan, BMT Xavfsizlik kengashi huzuridagi qo‘mita Pxenyan Afrika davlatlariga firmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish oson bo‘lgan davlatlar bayroqlari ostida dengiz orqali qurol-yarog‘ sotganini aniqlagan. Qayd etilishicha, KXDR kompaniyalari doimiy ravishda nomlarini, kemalari esa bayroqlarini almashtirib turadi.
Noqonuniy tijoratni nazorat qiluvchi “39-boshqarma” nomli maxfiy hukumat tashkiloti avval to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kim Chen Irga bo‘ysungan, uning vafotidan keyin hozirgi davlat rahbari Kim Chen Inga bo‘ysunmoqda. 2010-yilda AQSh ushbu tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.
Shuningdek, KXDR Gonkongning Queensway Group investitsiya guruhi yordamida tashqi dunyo bilan aloqa qiladi. Xitoy davlat kompaniyalari bilan aloqasi borligi aytilgan ushbu korporatsiya 2006-yilda Shimoliy Koreyaning KKG nomli taksi operatori bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Bundan tashqari, u Korea Daesong General Trading Corporation bilan KXDRda turli sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalar imzolagan. Loyihalar daromad keltirgan, biroq aynan qancha pul yakunda Shimoliy Koreyaga tushgani ma’lum emas.
Izoh (0)