Avtomobil dvigatellarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan GM Powertrain Uzbekistan zavodiga Asahi Shimbun gazetasi vakillari, yaponiyalik jurnalist Xitoki Nakagava va uning yordamchisi Tatyana Krapivina tashrif buyurdi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” AK matbuot xizmatiga asoslanub “Jahon” axborot agentligi xabar berdi.
Ularning tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiy rivojlanib borayotgan zamonaviy O‘zbekiston Respublikasi va mamlakatda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, hukumat tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida turkum maqolalar tayyorlashdan iborat.
Jurnalistlar uchun o‘tkazilgan davra suhbatida Xitoki Nakagava va uning yordamchisi zavod faoliyati bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi. Shuningdek, mehmonlarga “O‘zavtosanoat” AK va tarmoqdagi barcha korxonalar haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi.
Tashrif so‘ngida Xitoki Nakagava ko‘rsatgan e’tibori uchun hammaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va O‘zbekiston avtomobil sanoati bilan kengroq tanishish uchun kelgusida albatta tarmoqdagi barcha ishlab chiqarish zavodlariga tashrif buyurish istagi borligini bildirib o‘tdi.
Izoh (0)