Mirjalol Qosimov ustozligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentdagi yig‘inni yakuniga yetkazdi. Bosh jamoamiz Pxenyanga jo‘nab ketish oldidan “Jar” stadionida so‘nggi mashg‘ulotini o‘tkazdi. Mashg‘ulot yakuniga yetgach, terma jamoamiz yetakchilaridan biri Odil Ahmedov “Sports.uz” sayti uchun kichik intervyu berdi.
“Oldinda bizni Shimoliy Koreya termasiga qarshi o‘tadigan juda qiyin bahs kutib turibdi. KXDR – qit’ada o‘z nufuziga ega termalardan biri sanaladi. Ishonchim komilki, mazkur bellashuv anchagina qiyin kechadi. Lekin bizning maqsadimiz doimgidek faqat g‘alaba qozonishdan iborat. Bunga barcha imkoniyatlarimiz yetarli, deb o‘ylayman.
Qolaversa, Toshkentda olib borgan yig‘inimiz orqali bo‘lajak uchrashuvga yetarli darajada hozirlik ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. Eron termasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini ham tashkil etildi. Ko‘rinib turganidek, tayyorgarlik jarayoni yaxshi kechdi. Endi bizdan KXDR bilan bo‘ladigan uchrashuvda o‘zimizni ko‘rsatish va ortga g‘alaba bilan qaytish talab etiladi. Nasib etsa, bu vazifani uddalaymiz.
Qit’amizda Jahon chempionati saralash bahslari formatiga o‘zgartirish kiritildi. Bilmadim, bu yaxshimi yoki yomon. Balkim, ikki xildagi yirik turnir sanaladigan Osiyo kubogi hamda Jahon chempionati saralash bahslari avvalgidek alohida tarzda kechgani ma’qulmidi. Ammo shunday qarorga kelib bo‘lindi va endi uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Biz esa yangicha formatga ko‘nikib, saralashni muvaffaqiyatli o‘tkazishimiz lozim.
Shu paytga qadar milliy terma jamoamizga Jahon chempionati final bosqichiga chiqish uchun doim nimadir yetmay qolardi. Nasib etsa, bu gal barchasi boshqacha bo‘ladi va O‘zbekiston ham mundialda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Biz buning uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz”, — dedi mahoratli yarim himoyachi “Sports.uz” portali muxbiri Zohirbek Akramxonovga.
Izoh (0)