Davlat test markazi test savollarini chop etish, tarqatish va sotish bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlarga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab tegishli davlat organlariga murojaatlar qilinganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz”.
Test savollaridan foydalanish bo‘yicha Davlat test markazining biror bir tashkilot bilan tijorat shartnomasi mavjud emas.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari uchun foydalaniladigan test topshiriqlari umumta’lim fanlari bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari hamda ta’lim sohasidagi vakolatli davlat organlari tomonidan tavsiya etilgan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar muassasalarida amalda qo‘llanilayotgan darsliklar asosida fan ekspertlari tomonidan tuziladi.
Abituriyentlar Davlat test markazining rasmiy www.dtm.uz saytida e’lon qilingan umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar ro‘yxati bilan tanishishi hamda oliy ta’lim muassasalari qabul test sinovlarining namunaviy test topshiriqlaridan onlayn tizimidan foydalangan holda o‘z bilimlarini tekshirib ko‘rishlari mumkin.
Test topshiriqlarining maxfiyligini ta’minlash Davlat test markazining ichki tartib-qoidalariga asosan amalga oshiriladi.
Shuningdek, test topshiriqlarining oshkor bo‘lganligi haqida asosli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hollarda tegishli davlat organlariga hamda Davlat test markaziga ma’lum qilish so‘raladi.
Izoh (0)