Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolaridan biri Lacetti avtomobilini sotib olish chog‘ida avtosalon xodimlari tomonidan nomaqbul harakatlar amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab avtosalon unga jurnal, dori qutisi va boshqa narsalarni ixtiyoriy-majburiy ravishda sotishga uringan, biroq xaridor buning noqonuniyligini aytib, GM Uzbekistan ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilgan va go‘shakni avtosalon xodimiga berib, masalani hal qilgan.
Keyin esa avtosalon xodimi GM Uzbekistan avtomobillari ombori avtosalondan uzoqda joylashgani tufayli uni olib kelish uchun benzin va haydovchi uchun qo‘shimcha pul to‘langanini aytib, xaridordan qo‘shimcha 100 ming so‘m naqd pul talab qilgan. Xaridor hujjat talab qilganda, avtosalon xodimi kerakli hujjatni ko‘rsata olmagan, biroq aytilgan pul to‘lanmasa, mashinani avtosalondan chiqarmasligini ma’lum qilgan.
Xaridor so‘ralgan pulni to‘lagan va bu harakatning qonuniyligini albatta tekshirishini ma’lum qilgan. Shundan keyin u vaziyatni tasvirlab Vazirlar Mahkamasiga maktub yozgan. Vazirlar Mahkamasi maktubni GM Uzbekistan’ga yo‘llagan, keyin esa avtosalonga o‘tgan. Yakunda avtosalon xodimining harakati noqonuniy bo‘lgani aniqlanib, xaridorga 100 ming so‘m qaytarib berilgan.
Bu jarayonga 1 oy vaqt ketganini ma’lum qilgan foydalanuvchi bunday vaziyatga duch kelganlarga o‘sha zahoti GM Uzbekistan ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatga oydinlik kiritishni maslahat bergan. Shuningdek, u o‘zi duch kelgan vaziyatni iste’molchilar o‘z huquqlarini talab qilishda faolroq bo‘lishiga foydasi tegishi uchun tasvirlab berganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)