Buxoroda o‘tkazilgan ipak va ziravorlar festivalida O‘zbekistonning barcha viloyatilaridan kelgan hunarmandlar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Viloyat hokimligi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining viloyat mintaqaviy bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida sayyohlik sohasini rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samara berayotgani alohida ta’kidlandi.
Ipak va ziravorlar festivali ham milliy hunarmandlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda turizmni yanada ravnaq toptirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan ko‘hna Buxoroda qadimdan ilm-fan, hunarmandlik va savdo-sotiq rivojlangan. G‘arbu Sharq o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan shahardan dunyoning turli mamlakatlaridan yo‘lga chiqqan karvonlar o‘tgan. Buxoro hunarmandlari yaratgan gilamlar, ipak matolar, zargarlik va zardo‘zlik buyumlari, sopol idishlar xalqaro bozorda xaridorgir bo‘lgan. Festival ana shu tarixiy voqelikni gavdalantiruvchi “Mo‘jizalar karvoni” nomli teatrlashtirilgan tomosha bilan boshlandi. Ko‘hna Ark qal’asidan Labihovuz majmuasi tomon karvonlar yo‘l oldi.
Labihovuz majmuasida o‘tkazilgan festivalning ochilish marosimida xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpusi vakillari, Jahon sayyohlik tashkilotining Yevropa uchun mintaqaviy dasturi vakili Beka Jakeli, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat ishtirok etdi.
– Festivalga qiziquvchilar safi yildan-yilga kengaymoqda, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akbar Muhamedov. – Unda yurtimizning barcha hududlari, shuningdek, bir qator xorijiy mamlakatlar hunarmandlari ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Labihovuz majmuasi va unga tutash maydonlarda mamlakatimiz va xorijlik hunarmandlarning ipak mahsulotlari va ziravorlar, giyohlardan tayyorlangan shifobaxsh darmondorilar ko‘rgazma-savdosi o‘tkazildi. Buxoro rassomlik va miniatyura, zargarlik, zardo‘zlik, mis-kandakorlik, temirchilik, gilamchilik va G‘ijduvon kulolchilik maktablari ustalarining mahorat darslari tashkil etildi.
– Uch kundan buyon Buxorodaman, – deydi fransiyalik sayyoh Mishel Linen. – Qadimiy bu shaharga avval ham kelganman. Shu vaqt ichida bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlaridan hayratdaman. Taassurotlarim bir olam. Ayniqsa, tarixiy me’morchilik obidalari betakrorligi bilan har qanday kishini maftun etadi. Festivalda namoyish etilgan hunarmandlik mahsulotlari, milliy urf-odatlar, raqslar, folklor qo‘shiqlari g‘oyat o‘ziga xos va jozibador. Milliy liboslar, ipakdan tayyorlangan matolar hunarmandlikni san’at darajasiga ko‘targan ustalarning mahoratidan dalolat beradi.
Festivalda barcha viloyatlar folklor-etnografik jamoalari o‘z dasturlarini namoyish etdi. Milliy sport musobaqalari, xalq o‘yinlari, ayniqsa, polvonlarning chiqishlari ishtirokchilarga manzur bo‘ldi. Palov pishirish bo‘yicha oshpazlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
– O‘zbek palovi haqida ko‘p eshitganman, – deydi Perudan kelgan sayyoh Luis Mansello. – Bugun uni ilk bor tatib ko‘rdim. Juda mazali ekan. Folklor jamoalari chiqishida boshqa mamlakatlar sayyohlari ham raqsga tushdi. Milliy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan san’at sehri tili va dini turli xil bo‘lgan xalqlarni birlashtirishiga guvoh bo‘ldim. Bularning barchasi yurtingizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik tufaylidir. Buni odamlarning yuz-ko‘zidagi xotirjamlikdan ham sezish mumkin. Ochig‘i, juda havasim keldi. Qaniydi, butun dunyo shunday tinch va odamlar shunday xotirjam bo‘lsa?!
Festival doirasida O‘zbekiston tarixiga oid filmlar, zamonaviy va milliy an’analar mujassamlashgan liboslar kolleksiyalari namoyish etildi. “Buyuk ipak yo‘lining muhim bo‘g‘ini hisoblangan Buxoroni xalqaro turizm markazlaridan biriga aylantirishning istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)