Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Ko‘kterak qishloq fuqarolari yig‘ini aholi O‘zbekiston-1 ko‘chasida paydo bo‘lgan axlatxonadan aziyat chekmoqda, deb yozadi “Telegraf.uz”.
O‘sha yerda yashovchi aholining aytishiga qaraganda, axlatxona yo‘qligi sababli odamlar kanalga axlat va chiqindilarni tashlab yurgan. May oyi boshida Zangiota tuman hokimligi tomonidan kanaldagi axlat yo‘l ustiga chiqarib tashlandi. Natijada o‘tish yo‘li to‘silib qoldi. Bundan ayniqsa yosh bolalar va yoshi katta insonlar qiynalmoqda. Bu yerdan chiqayotgan hiddan chekilayotgan aziyatni tasavvur qilish qiyin emas.
“Ushbu vaziyatdan biz juda qiynalayapmiz. Mana qarang, mashina o‘tishining umuman imkoni yo‘q. Bu yerda chiqayotgan hid shunchalik qiynayaptiki, buni bir so‘z bilan aytib bo‘lmaydi. Yaqinda bu yerga o‘lgan eshakning jasadini tashlab ketishdi. Mutasaddi odamlarga qilgan murojaatimiz javobsiz qolyapti. Yaqinda qo‘shnilarimiz tuman hokimi o‘rinbosari bilan shu mavzuda suhbatlashibdi. Hokim o‘rinbosari bu masalani hozir hal qilishning imkoni yo‘qligini bildiribdi. Axir, qachongacha jabr chekishimiz kerak?”, — dedi ko‘kterakliklardan biri.
Izoh (0)