Facebook asoschisi Mark Sukerberg kompaniyaning Kaliforniya shtatidagi Menlo-Park shahrida joylashgan shtab-kvartirasida o‘tkazgan savol−javoblar sessiyasida o‘zining kompyuter o‘yinlariga munosabati haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda “TJournal.ru”.
Sukerbergning so‘zlariga ko‘ra, kompyuter uning hayotiga 10 yoki 11 yoshida kirib kelgan va u doimo o‘zi o‘ynagan o‘yinlarni yaxshilashni istagan. Shu xohish tufayli u video o‘yinlarni yarata boshlagan, ular “dahshatli” bo‘lsa−da, o‘zi yaratgan narsasidan foydalana olish unga zavq bergan.
“Ota−onalar bolalari o‘yin o‘ynashidan xavotirlanishi haqida ko‘p eshitaman. Albatta, bunga asos bor va ushbu masala yuzasidan muhim bahslar shakllangan. Agar siz bolalaringiz dasturlash bilan shug‘ullanishini istasangiz − ularga o‘ynash imkoniyatini berishingiz eng yaxshi ishlardan biri deb o‘ylayman. Agar men bolaligimda video o‘yinlarini o‘ynamaganimda, dasturchi bo‘la olmas edim”, − dedi Sukerberg.
Izoh (0)