O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Microsoft korporatsiyasi bilan hamkorlikda samarali boshqaruv sohasida innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Seminarda boshqaruv sohasida zamonaviy yechimlar, ixtisoslashtirilgan lokal hisoblash tarmoqlari va ma’lumot uzatish kanallarida axborot xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, davlat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz axborot resurslari, tizimlari va tarmoqlarini yaqin kelajakda rivojlantirish strategiyalarini belgilashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Microsoft vakillariga O‘zbekiston Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini jadal rivojlantirish samaralari xususida ma’lumot berildi. Chunonchi, joriy yilning birinchi choragida taqdim etilgan yuqori texnologiyali xizmatlarning o‘sish sur’ati 24,7 foizni tashkil qilgani qayd etildi. Yurtimizda xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanishning umumiy tezligi sekundiga 19 Mbitdan oshdi. Ayni paytda internet operatorlari va provayderlar uchun tariflar bosqichma-bosqich pasaytirilmoqda. Bu pirovardida internetdan foydalanuvchilar sonining o‘sishiga olib kelayotir. Xususan, joriy yilning boshida mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar 10,2 million kishiga yetdi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali jadal rivojlanmoqda. Portal orqali fuqarolar va tadbirkorlarga 235 turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatilayotir. Shuningdek, “E-XAT” idoralararo himoyalangan elektron pochta xizmati ham faol rivojlantirilmoqda.
– O‘zbekistonda yuqori texnologiyalar sohasini rivojlantirish ko‘rsatkichlari bilan tanishdik, – dedi Microsoft korporatsiyasining Kavkazorti, Markaziy Osiyo mintaqalari, Mo‘g‘uliston, Belarus va Moldova bo‘yicha bosh direktori Pilar Torres. – O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani har qancha e’tirofga munosibdir. Kompaniyamiz O‘zbekistonda yuqori texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish, jumladan, turli tarmoqlar axborot xavfsizligini ta’minlash borasida o‘zbekistonlik sheriklar bilan mustahkam hamkorlik qilish niyatida.
Seminarda Microsoft vakillari davlat aktivlarini samarali boshqarish, davlat sektori uchun dasturiy ishlanmalar bo‘yicha korporatsiya tajribasi xususida so‘zlab berdi.
Izoh (0)