Yangi formatdagi sayt – Pixland, 20-may kuni o‘zbek tilidagi talqinini ishga tushirdi.
Butunlay yangi ko‘rinish olgan Pixland resursi elektron jurnal formatida faoliyat ko‘rsata boshladi. Endi unda katta hajmdagi va sifatli fotosuratlar, mazmunli qisqa matnlar va izohlar mavjud. Saytda mahalliy va xorijiy reportajlar, maxsus loyihalar, fotojamlanmalar, mahalliy dizaynerlar va ustalarning ishlari chop etilmoqda.
Pixland.uz sayti olti mavzuga ega bo‘lib, “Voqealar”, “Moda”, “Dizayn”, “Texno”, “Hayot” va foydalanuvchilarning “Klub” bo‘limlariga ajratilgan. “Klub” qoidalariga ko‘ra har bir foydalanuvchi o‘z fotomaterialini saytga yuklashi va bu material tahririyat tomonidan tekshirilgandan so‘ng saytda chop etilishi mumkin. Foydalanuvchilarning ba’zi materiallari “Klub” bo‘limini chetlab o‘tgan holda, saytning asosiy sahifasiga ham chiqishi mumkin.
“Biz materiallarni va ularni taqdim etish usullarini tajriba qilishda davom etmoqdamiz, − deydi jurnal tahririyati. – Saytning asosi – bu, ma’lumotni vizual ko‘rinishda taqdim etish. Biz foydalanuvchilarga voqea-hodisalarni so‘z bilan emas fotosuratlar va ularga bo‘lgan izohlar bilan taqdim etamiz. O‘zbek tilidagi talqinni ishga tushirib, biz rus tilidagi tahririyatdan qisman, balki butunlay farq qiladigan o‘zbek tilidagi avtonom tahririyat faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Umid qilamizki, bizning qatorimizga fototasvirlarni sevuvchi, o‘z ijod namunalarini “Klub” va “Kun fotosi” bo‘limlariga joylashtirishga tayyor ijodkorlar kelib qo‘shiladilar”.
Loyiha tahririyati, dunyoning turli chekkasida suratga olingan qiziqarli, ba’zan esa takrorlanmas bo‘lgan kadrlar har kuni chop etiladigan “Kun fotosi” bo‘limiga qattiq e’tibor qaratadi. Har bir material “teg” bilan chop etilib, ularning yordamida ushbu mavzuga tegishli barcha materiallarni ko‘rish imkoniyati yaratilgan.
Smartfon egalari uchun saytning mobil talqini mavjud. Shuningdek, iPhone egalari App Store’ga kirib maxsus dasturni yuklab olishlari mumkin. Saytning Android platformasi uchun mobil dasturning ishga tushirilishi, sayt ma’muriyatining aytishicha shu yil yoz faslining o‘rtalarida mo‘ljallanmoqda.
Saytning mashhur mualliflar va materiallar ko‘rsatilgan “Reyting” sahifasi, bir qarashda hali yakuniga yetmagandek tuyuladi. “Hozircha reytingda barcha foydalanuvchilar – sayt muharrirlari, mualliflar va suratkashlar qatnashmoqdalar, − deb izoh beradi ma’muriyat – bu qisman aralash-quralash ko‘rinsa-da, o‘ziga xos musobaqa ruhini hosil qiladi. Foydalanuvchilar soni ko‘paygandan so‘ng, tahririyat xodimlarini bu ro‘yxatdan olib tashlaymiz”.
O‘zbek tilidagi Pixland’da hozircha materiallar uncha ko‘p emas, lekin tahririyatning xabar berishicha, rus tilidagi mashhur arxiv materiallari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.
Reklama huquqi asosida
Izoh (0)