Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan tashkil etilgan an’anaviy “Kasaba-tur” velomarafonining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Mazkur musobaqa korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportni ommalashtirish, turli soha xodimlarining o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Velomarafon to‘rt bosqichda o‘tkazildi. Joriy yilning mart-aprel oylarida bo‘lib o‘tgan quyi bosqichlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi korxona va tashkilotlarning 428 ming nafardan ortiq xodimi qatnashdi. Ularning 84 ming nafarini xotin-qiz, 300 nafardan ortig‘ini mehnat faxriylari, yoshi ulug‘ insonlar tashkil etgani mazkur musobaqaning aholi o‘rtasida keng ommalashayotganidan dalolatdir.
“Kasaba-tur” velomarafonining mamlakat bosqichi ham qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. 20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan velomarafonchilar o‘rtasidagi bahslarda andijonlik Temur Obidov va poytaxtlik Irina Lukiyenko birinchi, andijonlik Mansur Yo‘ldoshev va navoiylik Zulfiya Nizomova ikkinchi, jizzaxlik Aziz Halimov va qashqadaryolik Rayhon Tilovova uchinchi o‘rinni egalladi.
35 yoshdan katta bo‘lgan erkaklar va ayollar o‘rtasida Toshkent viloyatidan Igor Larin, farg‘onalik Georgiy Bordoshenko, namanganlik Fazliddin Shahobiddinov, poytaxtlik Galina Chiganova, qoraqalpog‘istonlik Svetlana Jeleznova va xorazmlik Muhayyo Ahmedovalar g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Musobaqada turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Izoh (0)