“Mening biznes g‘oyam” tanlovning respublika bosqichi joriy yilning 10−15-may kunlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Kamolot yoshlar oromgohi”da hududiy bosqichlarda g‘olib chiqqan jami 135 nafar ishtirokchilarni jalb qilgan holda o‘quv oromgoh tarzida tashkil etildi. Bu haqda tanlov tashkilotchilari “Daryo”ga xabar berdi.
Loyihaning quyi bosqichlarida joylarda tashkil qilingan “Yosh tadbirkor” konsultativ markaz koordinator hamda trenerlari tomonidan yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv seminarlar tashkil qilinib, ushbu seminarlarda 71 mingdan ziyod yoshlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar. Ulardan 353 nafariga esa loyiha doirasida tashkil qilingan hududiy ishchi guruhlar tomonidan biznes g‘oyalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 4 mlrd. so‘mga yaqin imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi tavsiyanomalar berildi.
O‘quv oromgoh davomida ishtirokchilarga malakali soha mutaxassislari, trenerlar, tijorat banklari va hamkor tashkilotlarning mas’ul xodimlari jalb qilinib, ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda “Biznesni tartibga soluvchi qonuniy-me’yoriy hujjatlar”, “Kichik biznesning yuridik maqomini tanlash”, “Tijorat banklarining kredit siyosati”, “Biznes reja yozish talablari”, “Marketing”, “Kichik biznesda brending va neyming”, “Korxona marketing strategiyasini ishlab chiqish”, “Kichik biznesni soliqqa tortish muammolari”, “Savdo-sanoat palatasining kichik biznesga yordam berish imkoniyatlari”, “Kichik biznesda texnologiyalar ularni topish, olib kelish va sotib olish shartlari” kabi mavzularda amaliy mashg‘ulotlar, o‘quv seminarlar tashkil qilindi.
Shuningdek seminar – treningda ishtirokchilarning olgan bilimlari asosida ularning biznes rejalari qayta ko‘rib chiqildi. Seminar – trening yakunida har bir ishtirokchi hakamlar hay’ati a’zolari oldida o‘z biznes rejalarini taqdimot shaklida himoya qildilar.
Himoya natijalariga ko‘ra hakamlar hay’ati tomonidan tanlov g‘oliblari aniqlandi. Tanlovning joriy yilgi Respublika bosqichida 28 nafar bitiruvchi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ulardan 5 nafariga “Mikrokreditbank” OATB, 5 nafariga “Agrobank” OATB, 3 nafariga “Ipotekabank” ATIB, 3 nafariga “Qishloq qurilish bank” OATB, 3 nafariga “O‘zbekiston sanoat-qurilish banki”, 3 nafariga “Asaka”bank OAJ, 3 nafariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy “Milliy bank”, 3 nafariga DTB “Xalq banki” tomonidan imtiyozli foizlarda 173 mln so‘mdan ortiq mikrokredit mablag‘lari ajratilishi yuzasidan tegishli tavsiyanomalar berildi.
O‘quv oromgoh doirasida tashkil qilingan “Eng chekka qishloq joyda maishiy xizmat va servisni rivojlantirishga xissa qo‘shgan tadbirkor”, “Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan yosh tadbirkor”, “Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan loyiha”, “Ijtimoiy tadbirkorlikka yo‘naltirilgan loyiha”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Shuningdek, o‘quv oromgohda malaka va ko‘nikmalarini oshirgan 102 nafar bitiruvchilarga o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun tijorat banklari tomonidan 1,016 mlrd so‘m miqdoridagi imtiyozli foizlarda mikrokredit olishlari uchun tavsiya qilindi.
Izoh (0)