Ozarbayjonning Naxichevan shahrida shaxmat bo‘yicha “Nakhchivan Open-2015” festivali qizg‘in davom etmoqda. Eng kuchli ishtirokchilar jam bo‘lgan “A” guruhida 17-Jahon chempioni, o‘zbekistonlik Rustam Qosimjonov ham bosh sovrin yo‘lida kurash olib boryapti, deb xabar berdi “Olamsport”.
Guruhda birinchi raqamli ishtirokchi sifatida qayd etilgan Qosimjonov kecha o‘tkazilgan 6-tur uchrashuvida nihoyat g‘alaba qozondi. Bu hamyurtimizning oltinchi uchrashuvdagi ikkinchi g‘alabasi bo‘ldi. Kecha shaxmatchimiz oq donalarda ozarbayjonlik Vugar Rasulovni mag‘lubiyatga uchratdi.
Olti imkoniyatdan to‘rt ochkoga ega bo‘lib turgan yurtdoshimiz turnir jadvalida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 66 ishtirokchi orasida 27-pog‘onadan 15-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 11-pog‘onadan joy olgan eronlik Amin Tabatabayi hisobida ham 4 ochko bor. Gruziyalik grossmeyster Levan Pantsulaya va ozarbayjonlik Eltaj Safarli 5 tadan ochko jamg‘arib, musobaqada qo‘shhokimlik qilishyapti.
Bugun o‘tkaziladigan 7-turda Rustam Qosimjonov qora donalarda o‘zi singari 4 ochkoga ega bo‘lib turgan ukrainalik grossmeyster Vladimir Baklan bilan munosabatlariga oydinlik kiritib oladi.
Izoh (0)