Tailandda tennis bo‘yicha o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasida Osiyo va Okeaniya (Asia/Oceania Final Qualifying WJT Girls) chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston o‘smir qizlar terma jamoasi ham ishtirok etdi. Biroq ularning ishtiroki omadsiz chiqdi, deb xabar bermoqda Olamsport.com.
14 yoshgacha bo‘lgan tennischilardan tarkib topgan O‘zbekiston terma jamoasi avvaliga “S” guruhining barcha uchrashuvlarida mag‘lubiyatga uchradi. Yasmina Karimjonova, Milana Maslenkova va Valentina Shleyndan iborat O‘zbekiston termasi guruhda Avstraliya, Tailand va Gonkongga bir xil 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
9-16-o‘rinlar uchun kechgan bahsda esa O‘zbekiston vakilalari Qirg‘iziston terma jamoasiga 1:2 hisobida yutqazdi. Nihoyat Filippin va Qozog‘iston terma jamoasini 2:1 hisobida taslim etdi. Yakunda O‘zbekiston terma jamoasi 16 ishtirokchi jamoa orasida 13-o‘rin bilan cheklandi.
Yaponiya birinchi, Xitoy ikkinchi, Yangi Zelandiya terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. Final uchrashuvida Kunchiqar yurt vakilalari Chin yurti jamoasidan 2:1 hisobida ustun keldi. Bronza uchun bahsda esa orolliklar Hindistonni xuddi shu hisobda yengdi.
Izoh (0)