UMS kompaniyasi Ikkinchi jahon urushi faxriylariga minnatdorchilik va hurmat izhor qilgan holda qahramonlarning o‘z yaqinlari va do‘stlari bilan to‘laqonli faol muloqot qilishlariga mo‘ljallangan “Veteran” tarifini joriy qilmoqda. Bu haqda kompaniya vakillari “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ushbu tarifga ulangan faxriylar oyiga 200 daqiqa bepul chiquvchi qo‘ng‘iroqlar va cheklanmagan miqdorda kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni qo‘lga kiritadi, hech qanday abonent to‘lovi olinmaydi.
Kompaniya press-relizida aytilishicha, o‘z yurti tinchligi va osoyishtaligi uchun kurashgan insonlarning xotirasini yod etish, keksalarga e’tibor berish va ularni e’zozlash O‘zbekiston xalqining ma’naviy qadriyati hisoblanadi.
Qahramon yurtdoshlariga o‘z farzandlari, nabiralari, safdoshlari, do‘stlari bilan to‘laqonli muloqot qilish, ulardan qo‘llab-quvvatlash va minnatdorchilik so‘zlarini eshitish imkoniyatini hadya etish UMS kompaniyasi uchun ulkan sharaf ekanligi qayd etilgan.
Izoh (0)