Ayni paytda O‘zbekiston Prezidentining 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida maktablarning boshlang‘ich sinflarida 17 ming 222 ta chet tili kabineti tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.
Shu kungacha boshlang‘ich sinflar uchun 17 ming 222 ta chet tili xonasi tayyorlanib, DVD – magnitola, o‘quv-ko‘rgazmali vositalar, lug‘at va adabiyotlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, ularga 6650 tadan dinamik va optik (simsiz) sichqoncha, noutbuk, videoproyektor, markerli doska, TV-tyuner (antennasi bilan) hamda elektron doska vazifasini bajaruvchi 200 ta interaktiv qurilma yetkazib berildi.
Joriy yilda yana 5286 ta boshlang‘ich sinf chet tili kabinetlari uchun zamonaviy texnik vositalar to‘plami xarid qilinadi. Yangi davlat ta’lim standarti asosida 1 va 2-sinflar uchun yaratilgan chet tili darsliklari asosida bugungi kunda O‘zbekiston o‘quvchilari chet tilini ishtiyoq bilan o‘rganmoqda. 3-sinflar uchun yaratilgan chet tili (ingliz, nemis va fransuz) darsliklari 130 ta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazildi, unda 260 nafar eksperimentator-o‘qituvchi va 4120 nafar 3-sinf o‘quvchisi qatnashdi.
Ushbu darsliklar tajriba-sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning takliflari asosida takomillashtirilib, yangi o‘quv yiligacha 593 ming nusxa chop etilib, maktablarga yetkaziladi.
Izoh (0)