Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida 29-aprel kuni O‘zbekiston va Vengriya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axbort agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, eksport-import, bank-moliya, yoqilg‘i-energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektron mahsulotlar va qurilish materiallari ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, marketing, sug‘urta, axborot texnologiyalari, kichik biznes va kommunal sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Ibrohim Ergashev O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Forumda vengriyalik ishbilarmonlarga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Vengriyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va sarmoyaviy muhiti haqida so‘z yuritildi.
Anjumanda Vengriyaning qator yirik kompaniyalari ishtirok etgani ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolatdir. Envisys Investment, Aquis IT Services, Fit-Food, HND Stahl, Land Bau, Logsol, Umirs Europe, Maxima Foods kabi kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Izoh (0)